Welcome to uz   Click to listen highlighted text! Welcome to uz Powered By GSpeech
Savollar-javoblar
  eye                                

SAVOL BERISH

Savollar-javoblar

QONUNNING YANGI TAHRIRIDA AKSIYALARGA QANDAY TA’RIF BERILGAN?

Oldingi Qonunda aksiyalar AJning o’z aksiyadorlariga nisbatan majburiyatlarini aks ettirishi belgilangan.

Endi esa Qonunda, aksiyalar aksiyadorlarning AJga nisbatan huquqlarini tasdiqlashi ko’rsatilgan.

AJ TUSHUNCHASINING O’ZI QANDAY O’ZGARGAN?

Qonunning oldingi tahriri AJni xo’jalik subyekti sifatida belgilangan bo’lsa, yangi tahrirga muvofiq AJ tijorat tashkilotidir.

Bundan tashqari, Qonun (yangi tahrirdagi) aksiyadorlik jamiyatlarini YoAJ va OAJ kabi alohida shakllarga ajratmasdan, yagona Aj shaklini joriy etadi.

AJNING JOYLASHGAN YERI QANDAY BELGILANADI?

Ilgari AJning joylashgan yeri u davlat ro’yhatidan o’tkazilgan joyga ko’ra belgilanar edi. Endi AJ o’z ustavida boshqa joyni belgilashi (masalan, bosh ofisining pochta manzilini ko’rsatishi) mumkin.

AJ QANCHA MUASSISGA EGA BO’LISHI KERAK?

Qonunning oldingi tahririda YoAJ uchun cheklovlar bor edi – uning muassislari 3 kishidan kam, ammo 50 kishidan ko’p bo’lmasligi lozim edi.

Qonunning yangi tahririda AJ muassislari va aksiyadorlarning soni cheklanmaganligi to’g’ridan-to’g’ri ko’rsatilgan. Bunda, alohida me’yorlar (boshqa aksiyadorlarga sotiladigan aksiyalarni sotib olishga bo’lgan imtiyozli huquq) aksiyadorlari soni 50dan oshmaydigan AJlarga qo’llanilishi mumkin.

NIMALAR AJNING MOL-MULKI BO’LISHI MUMKIN?

Jamiyat o’z mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka, shu jumladan o’zining ustav fondiga (ustav kapitaliga) berilgan mol-mulkka ega.

AJNI TASHKIL ETISH USULLARI O’ZGARDIMI?

Ha, o’zgardi. AJni avval mavjud bo’lgan hamma usullarda tashkil etish mumkin edi, bundan AJni qayta tashkil doirasida qo’shib olish mustasno. Ta’kidlash joizki, bu usuldan amaliyotda ham foydalanish murakkab edi, chunki qo’shib olishda yangi yuridik shaxs yuzaga kelmaydi.

DAVLAT ORGANLARI AJ MUASSISI BO’LISHI MUMKINMI?

Ilgari bo’lganidek, davlat organlari AJ muassislari bo’la olmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. O’zgarishlar bunga asos bo’ladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlar ro’yhatida yuz berdi.

Endi, agar Qonunda, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorida boshqacha qoida belgilanmagan bo’lsa, davlat organlari jamiyatning muassislari (aksiyadorlari) bo’lishi mumkin emas (ilgari bunga qonun hujjatlari asos bo’lishi mumkin edi, ularga idoraviy hujjatlar va mahalliy hokimyat organlari qarorlari ham kiradi). Shunday qilib, davlat organi AJni ta’sis etish uchun qonun, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O’zR Vazirlar Mahkamasining qarori kabi asosga ega bo’lishi kerak.

Qonunning yangi tahririda xususiylashtirishga oid aniqlashtiruvchi me’yorni ham tilga olish mumkin – endi bu ma’noda “davlat korxonasi” so’z birikmasi o’rniga qonun matni bo’yicha “davlat tashkiloti” so’z birikmasi qo’llaniladi, agar uning negizida AJ tashkil etilayotgan bo’lsa, davlat mulkini tasarruf etish vakolatiga ega bo’lgan organ uning muassisi hisoblanadi.

TA’SIS KONFERENSIYASINI O’TKAZMASDAN AJNI TA’SIS ETISH MIMKINMI?

Avvalambor, Qonunning yangi tahririda “ta’sis konferensiyasi” iborasidan foydalanilmaganligini aytish kerak (ammo “ta’sis yig’ilishi” iborasi saqlangan). Savolning mazmunidan kelib chiqib aytish mumkinki, Qonunda AJni ta’sis etishda 2 holatda ta’sis yig’ilishining o’tkazilmasligi nazarda tutilgan:

davlat tashkiloti aksiyadorlik jamiyati etib o’zgartirilayotganda;

AJ bitta muassis bilan ta’sis etilayotganda.

Boshqa barcha hollarda ta’sis yig’ilishi albatta o’tkazilishi, shuningdek uning qarorlari bayonnoma shaklida rasmiylashtirilishi va jamiyatning barcha muassislari tomonidan imzolanishi kerak.

YANGI AJnING ICHKI HUJJATLARINI QANDAY MUDDATLARDA TASDIQLATISH KERAK?

Agar AJ yangi tashkil etilayotgan bo’lsa, ichki hujjatlarni iloji boricha tezroq tasdiqlash maqsadga muvofiq, chunki ular jamiyat faoliyatida kerak boladi. Bu uchun yangi tahrirdagi Qonunda jamiyat davlat ro’yhatidan o’tkazilgan sanadan e’tiboran ko’pi bilan 3 oy ajratilgan (ilgari bu muddat 6 oyga teng edi).

Tasdiqlanadigan hujjatlar ro’yhatiga kelsa, AJ bu muddatda quyidagilar haqidagi nizomlarni tasdiqlashi lozim:

  • aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi to’g’risidagi;
  • jamiyatning kuzatuv kengachi to’g’risidagi;
  • ijroiya organi (tegishincha direktori, boshqaruvi, ishonchli boshqaruvchi) to’g’risidagi;
  • taftish komissiyasi (taftishchisi) to’g’risidagi;

AJ USTAVI MAZMUNIGA TALABLAR O’ZGARDIMI?

Ha, o’zgardi. Qonunning oldingi tahriridagiga qaraganda, ustavdagi majburiy bandlarga talablar ancha (2 baravardan ortiq) qisqardi. Bunda AJlar o’z ustavlarida ko’pincha Qonunning o’zidagi me’yorlarni so’zma-so’z takrorlaydigan bandlar olib tashlandi. Ularga, masalan, ustav kapitalini o’zgartirish, foydani taqsimlash, zahira fondini tashkil qilish, yillik hisobotni tuzish, tekshirish va tasdiqlash tartibini kiritish mimkin, chunki ular Qonunning o’zida batafsil bayon qilingan.

Ustav matnidagi majburiy bandlarning qisqartirilganligi biznesni AJ shaklida yuritishga talablarni ancha yumshatdi, agar aksiyadorlar ustavni boshqa me’yorlar bilan to’ldirmoqchi bo’lsa, umumiy yig’ilishda tegishli qarorni qabul qilib buni amalga oshirishlari mumkin.

QONUNNING YANGI TAHRIRIDA AKSIYALARNI JOYLASHTIRISHNING QANDAY USULLARI NAZARDA TUTILGAN?

Qonunning yangi tahririda aksiyalarni joylashtirishning ikkita usuli – ochiq va yopiq obuna nazarda tutilgan.

Ochiq obuna aksiyalarni ommaviy joylashtirish yo’li bilan faqat qimmatli qog’ozlarning birja bozorida va uyushgan birjadan tashqari bozorida o’tkazilishi mumkin. Agar ustavda yoki aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi qarorida aksiyalarni joylashtirish usuli ko’rsatilmagan bo’lsa, ular faqat ochiq obuna bo’yicha joylashtiriladi.

Yopiq obuna aksiyalarni xususiy joylashtirish yo’li bilan amalga oshiriladi. Yopiq obunani o’tkazish qonun hujjatlari va ustav bilan cheklab qo’yilishi mumkin.

Bundan tashqari, AJ o’z aksiyalarini ochiq obuna vositasida joylashtirish shart bo’lgan hollar qonun hujjatlarida belgilab qo’yilishi mumkin.

AKSIYALAR CHIQARILISHI AMALGA OSHGAN DEB HISOBLASH UCHUN ULARNING QANCHA QISMI JOYLASHTIRILISHI KERAK?

Qonunning yangi tahririda shunday imtiyoz nazarda tutilgan – aksiyalar savdo maydonchalarida (fond birjasi va birjadan tashqari savdolar tashkilotchilaridan iborat birja bozori nazarda tutiladi) joylashtirilsa, aksiyalar chiqarilishi amalga oshgan deb hisoblash uchun 30 foiz aksiyalarni joylashtirish kifoya.

Agar aksiyalar savdo maydonchalaridan tashqarida joylashtirilsa – belgilangan chegara o’zgarmagan (ya’ni mazkur chiqarilishidagi aksiyalar umumiy sonining kamida 60 foizi).

AKSIYADOR BOSHQA AKSIYADOR SOTAYOTGAN AKSIYALARNI IMTIYOZLI SOTIB OLISH HUQUQIGA EGAMI?

Bunday imkoniyat Qonunning yangi tahririda bir qator shartlarga rioya etilganda nazarda tutilgan:

  • birinchisi – aksiyadorlarning soni 50 kishidan ortmasligi kerak;
  • ikkinchisi – imtiyozli sotib olish huquqi ustavda aks ettirilgan bo’lishi kerak;
  • Imtiyozli sotib olish tartibi ustavda belgilab qo’yildi. Imtiyozli huquqning amal qilish muddati esa bildirish e’lon       qilingan paytdan e’tiboran o’n kundan kam va o’ttiz kundan ko’p bo’lishi mumkin emas. Imtiyozli huquqdan boshqa shaxs foydasiga voz kechishga yo’l qo’yilmaydi.

Bundan tashqari, aksiyadorning bunday imtiyozli sotib olish huquqi buzilgan holda, u bunday qoidabuzarlik to’g’risida bilgan yohud bilishi lozim bo’lgan paytdan e’tiboran uch oy ichida o’ziga sotib oluvchining huquq va majburiyatlari o’tkazilishini sud tartibida talab qilish huquqiga ega.

AJ AKSIYADOR SOTAYOTGAN AKSIYALARNI IMTIYOZLI SOTIB OLISH HUQUQIGA EGAMI?

AJ uchun bunday imkoniyat Qonunning yangi tahririda bir qator shartlarga rioya etilganda nazarda tutilgan:

  • birinchisi – AJ aksiyadorlarining soni 50 kishidan ortmasligi kerak;
  • ikkinchisi – imtiyozli sotib olish huquqi ustavda aks ettirilgan bo’lishi kerak;
  • uchinchi – aksiyadorlarning bittasi o’z aksiyalarini sotishga qaror qilib, avval ularni boshqa aksiyadorlarga taklif etganda, ular imtiyozli sotib olish huquqidan voz kechgan bo’lishi kerak.

Imtiyozli sotib olish tartibi ustavda belgilab qo’yiladi. Imtiyozli huquqning amal qilish muddati esa bildirish e’lon qilingan paytdan e’tiboran o’n kundan kam va o’ttiz kundan ko’p bolishi mumkin emas. Imtiyozli huquqdan boshqa shaxs foydasiga voz kechishga yo’l qo’yilmaydi.

Bundan tashqari, AJning bunday imtiyozli sotib olish huquqi buzilgan holda, u bunday qoidabuzarlik to’g’risida bilgan yohud bilishi lozim bo’lgan paytdan e’tiboran uch oy ichida o’ziga sotib oluvchining huquq va majburiyatlari o’tkazilishini sud tartibida talab qilish huquqiga ega.

O’ZGARISHLAR AJ FILIALLARI VA VAKOLATXONALARIGA HAM TATBIQ ETILDIMI?

Avvalambor, AJ filiali va vakolatxonasiga ta’rif berish masalalariga aniqlik kiritildi (ularning ta’riflari to’ldirildi).

Qonunning yangi tahririda, jamiyatning filiali va vakolatxonasi yuridik shax bo’lmasligi, ular jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan nizom asosida ish yurutishi, AJning filialga va vakolatxonaga berib qo’yilgan mol-mulki esa AJning balansida hisobga olinishi aniq belgilab qo’yilgan.

Darvoqe, AJlar endi o’z ustavida, oldingi Qonun talab etganidek, filiallar va vakolatxonalarni sanab o’tishlari shart emas.

AJ FILIALI YOKI VAKOLATXONASI RAHBARINI KIM TAYINLAYDI?

Filialning yoki vakolatxonaning rahbari jamiyat tomonidan berilgan ishonchnoma asosida ish yuritadi. Qonunning yangi tahririga ko’ra (79-modda), bunday vakolat AJ direktori (boshqaruvi raisi)ga berilgan.

FILIAL BIR VAQTNING O’ZIDA AJ VAKOLATXONASI VAZIFASINI BAJARA OLADIMI?

Yangi tahrirdagi Qonunning 7-moddasida nazarda tutilishicha, filial jamiyatning jamiyat joylashgan yerdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki ularning bir qismini, shu jumladan vakolatxonaning vazifalarini amalga oshiradigan alohida bo’linmasidir.

AJNING SHO’BA VA TOBE JAMIYATLARI BO’YICHA QANDAY O’ZGARISHLAR NAZARDA TUTILGAN?

Qonunning yangi tahririga ko’ra AJlar faqat AJ yoki MCHJ shaklidagi sho’ba va tobe xo’jalik jamiyatlariga ega bo’lishi mumkin. Bunday ko’rsatma amaliyotda juda muhim ahamiyatga ega – zero sho’ba jamiyatlari ko’plab tashkil etilsa-da, ammo ularning tashkiliy-huquqiy shaklini belgilash ancha mushkul edi.

Javobgarlik xususida ham yangilik bor – endi sho’ba xo’jalik jamiyati o’zining asosiy jamiyati majburiyatlari yuzasidan javobgar bo’lmaydi (Qonunning oldingi tahririda u faqat AJ qarzlari bo’yicha javob bermasdi).

AJNING USTAV KAPITALI QAYSI VALYUTADA IFODALANISHI KERAK?

Qonunning oldingi tahriridan farqli o’laroq, uning yangi tahririda AJ ustav kapitali O’zbekiston Respublikasining milliy valyutasida ifodalanishi aniq ko’rsatib qo’yilgan.

QONUNNING YANGI TAHRIRIDA USTAV KAPITALINI KO’PAYTIRISHNING QANDAY MANBALARI NAZARDA TUTILGAN?

Ustav kapitalini ko’paytirishning usuliga qarab yangi tahriridagi Qonun bunday ko’paytirish manbalarini sanab berdi.

Chunonchi, jamiyatning ustav kapitali aksiyalarning nominal qiymatini oshirish yo’li bilan faqat AJning o’z kapitali hisobiga ko’paytirilishi mumkin, uni qo’shimcha aksiyalarni joylashtirish yo’li bilan ko’paytirilishi esa jalb qilingan investitsiyalar, jamiyatning o’z kapitali va hisoblangan dividentlar hisobidan amalga oshiriladi.

Qonunda belgilanishicha, ustav kapitalini qo’shimcha aksiyalarni joylashtirish yo’li bilan ko’paytirish usuli o’z xususiyatlariga esa – agar bu AJning o’z kapitali hisobidan bo’lsa, aksiyalar barcha aksiyadorlar o’rtasida taqsimlanadi (har bir aksiyadorga qaysi turdagi aksiyalar tegishli bo’lsa, ayni o’sha turdagi aksiyalar unga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi).

Ustav kapitali ko’paytirilishi natijasida ko’paytirish summasining bitta aksiyaning nominal qiymatiga muvofiqligi ta’minlanmaydigan bo’lsa, ustav kapitalini ko’paytirishga yo’l qo’yilmasligi Qonunda belgilab qo’yildi.

ODDIY AKSIYA IMTIYOZLI AKSIYAGA AYIRBOSHLASH MUMKINMI?

Yangi tahrirdagi Qonun bunga yo’l qo’ymaydi.

Bundan tashqari, oddiy aksiyalarni korporativ obligatsiyalarga va boshqa qimmatli qog’ozlarga ayirboshlashga ham yo’l qo’yilmaydi.

AKSIYA QANDAY NOMINALGA EGA BO’LISHI MUMKIN?

Yangi tahrirdagi Qonun qabul qilinganidan keyin aksiyalarning nominal qiymati 5 ming so’mdan ortiq bo’lishi mumkin emas.

Oldingi Qonunda nominal 100 so’mdan kam bo’lmasligi kerakligi belgilangan edi – endi bundan me’yor Qonunda yo’q.

QONUNNING YANGI TAHRIRIGA MUVOFIQ AKSIYALARNING BOZOR QIYMATI QANDAY ANIQLANADI.

Aksiyalarning bozor qiymatini aniqlash yangilangan tahrirda bayon qilingan.

Chunchi, Qonunning yangi tahririda aksiyalar bozor qiymatini aniqlashning bir vaqtda bir nechta mezoni belgilangan:

  • bu, mazkur qimmatli qog’oz ochiq bozorda boshqa shaxsga berilishi mumkin bo’lgan eng ehtimol tutilgan narx;
  • mazkur ochiq bozorda raqobat sharoitlari mavjud;
  • bitimning taraflari o’z manfaatlari yo’lida oqilona va ixtiyoriy ravishda harakat qiladilar;
  • bitimning taraflari barcha zarur axborotga ega;
  • bitim narxining baland-pastligida biror-bir favqulotda holatlar, shu jumladan taraflardan birining ushbu bitimga qo’shilish majburiyati aks etmaydi.

Shuni ham inobatga olish kerakki, agar qimmatli qog’ozlar fond birjasi listingiga kiritilgan bo’lsa, ularning birja kotirovkasi narxi mazkur qimmatli qog’ozlarning bozor qiymati deb e’tirof etiladi.

AKSIYALARNI BOSHQA SHAXSGA BERISHGA DOIR CHEKLOVLAR BELGILANGAN BO’LSA, UNING EGASI BO’LMISH AKSIYADOR ULAR BO’YICHA OVOZ BERISHI VA DIVIDENDLAR OLISHI MUMKINMI?

Yangi tahrirdagi Qonunda bunday hollar uchun muhim me’yor berilgan – 26 – moddaga muvofiq, aksiyalarni boshqa shaxsga berishga doir cheklov belgilanishi aksiyadorni – mazkur aksiyalar egasini Qonunda belgilangan tartibda jamiyatni boshqarishda ishtirok etish va ular bo’yicha dividendlar olish huquqidan mahrum qilmaydi.

Shunday qilib, agar aksiyalarni boshqa shaxsga berish mumkin bo’lmasa (masalan, aksiyador o’z aksiyalarini olingan qarz ta’minoti sifatida garovga qo’ygan bo’lishi mumkin), ammo aksiyalarning o’zi ularning egasi bo’lgan aksiyadorning depozitar hisobraqamida saqlanayotgan bo’lsa (blokirovkalangan bo’lsa-da), ularning egasi mazkur aksiyalar bo’yicha qonunda belgilangan tartibda ovoz berishni va dividendlar olishni davom ettiradi.

AJ IMTIYOZLI AKSIYALARINING HAR XIL TURLARINI CHIQARISH MUMKIN?

Qonundagi yangiliklardan biri shuki, unda endi imtiyozli aksiyalarining har xil turlarini chiqarish mumkinligi nazarda tutilmagan.

Qonunning oldingi tahririda imtiyozli aksiylarining kumulyativ imtiyozli aksiyalar kabi turi nazarda tutilgan edi. Bunday aksiylarining xususiyatlari (dividend jamg’arib borilishi va keyinchalik) Qonunda saqlangan, ammo alohida turga ajratilmagan.

QANDAY QIMMATLI QOG’OZLARNI AKSIYALARGA AYIRBOSHLASH MUMKIN?

Yangi tahrirdagi Qonunda, jamiyatining korporativ obligatsiyalari jamiyat aksiyalariga ayirboshlashda qimmatli qog’ozlar bo’lishi mumkin, deb belgilangan.

Qonunda korporativ obligatsiyalarni chiqarish uchun qanday yangiliklar nazarda tutilgan?

Korporativ obligatsiyalarni chiqarish uchun qo’shimcha talab ularning ta’minoti haqidagi me’yorlarga tegishli. Endi AJ mol-mulk bilan ta’minlangan korporativ obligatsiyalarni chiqarishga haqli.

AJ ZAXIRA FONDIDAN FOYDALANISH YO’NALISHLARI O’ZGARDIMI?

AJ zaxira fondidan foydalanish yo’nalishlari avvalgidek qolgan bo’lsa-da, yangi tahrirdagi Qonunda muhim shart belgilangan: “boshqa mablag’lar mavjud bo’lmagan taqdirda”.

Shunday qilib, jamiyatning zaxira fondidan jamiyatning zararlari o’rnini qoplash, jamiyatning korporativ obligatsiyalarini muomaladan chiqarish, imtiyozli aksiyalar bo’yicha dividendlar to’lash va jamiyatning aksiyalarini qaytarib sotib olish uchun faqat buning uchun boshqa mablag’lar mavjud bo’lmagan taqdirdagina foydalaniladi.

AJNING SOF AKTIVLARI QIYMATINI BELGILASH TARTIBI O’ZGARDIMI?

Qonunning yangi tahriri AJ sof aktivlari qiymatini belgilash tartibini yanada aniqlashtirdi.

Qonunning oldingi tahririga ko’ra jamiyat sof aktivlarining qiymati buxgalteriya hisob-kitob ma’lumotlari bo’yicha belgilangan tartibda baholangan.

Qonunning yangi tahririda belgilanishicha, AJ sof aktivlarining qiymati buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bo’yicha belgilangan tartibda baholangan.

Qonunning yangi tahririda belgilanishicha, AJ sof aktivlarining qiymati buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bo’yicha, jamiyat aktivlari va majburiyatlarining umumiy summasi o’rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.

AGAR MOL-MULK AJ USTAV KAPITALIGA O’TKAZILGAN BO’LSA, VA MULKNING EGASI KIM BO’LADI?

Qonunning yangi tahririda to’g’ridan-to’g’ri belgilanishicha, AJ o’z mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka, shu jumladan o’zining ustav kapitaliga berilgan mol-mulkka ega bo’ladi.

AJ MOL-MULKINING BOZOR QIYMATI TUSHUNCHASI YANGILANDIMI?

Avvalambor shuni aytish kerakki, AJ mol-mulkining bozor qiymati tushunchasi yirik bitimlar uchun qo’llaniladi va ushbu masalaga bag’ishlangan 83-moddada keltiriladi.

Yangicha ta’riflangan tushunchani oldingi tahrir bilan solishtirsak, shuni ko\rish mumkinki, AJ mol-mulki bozor qiymati quyidagi mezonlar bo’yicha aniqlanadi:

  •   mazkur mol-mulk ochiq bozorda boshqa shaxsga berilishi mumkin bo’lgan eng ehtimol tutilgan narx;
  •   bitimning taraflari barcha zarur axborotga ega (bu oldingi ta’rifda ham bor edi);
  •   mol-mulk bilan bitim ochiq bozorda raqobat sharoitida tuziladi;
  •   bitim taraflari o’z manfaatlari yo’lida oqilona va ixtiyoriy ravishda harakat qiladilar;
  •   bitim narxining baland-pastligida esa biror-bir favqulodda holatlar, shu jumladan taraflaradn birining ushbu bitimga qo’shilish majburiyati aks etmaydi (bunday majburiyatlarning yo’qligi Qonunning oldingi tahririda ham belgilangan edi).

Jamiyat molk-mulkining bozor qiymatini aniqlash uchun bitimning taraflari tomonidan baholovchi tashkilot jalb etilishi mumkin.

 AKSIYALARNI JOYLASHTIRISHNI QANDAY MUDDATDA TUGATISH KERAK?

Qonunning oldingi tahririda bu aniq belgilanmagan (qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan bo’lsa, aksiyalarni joylashtirish muddati bir yildan oshmasligi kerak). Qonunning yangi tahririda esa bu muddat aniq ko’rsatilmagan (1 yildan ortiq emas).

Jamiyatning joylashtirilmagan aksiyalari va boshqa qimmatli qog’ozlari bu muddat o’tgandan keyin qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinishi kerak.

 AKSIYALARNI JOYLASHTIRISHDA BITIMLARGA QO’YILADIGAN TALABLAR BUZILGANDA, BU QANDAY OQIBATLARGA OLIB KELISHI MUMKIN?

Qonun hujjatlarining qimmatli qog’ozlarni joylashtirish va ularning muomalasiga taaluqli qismi talablarini buzgan holda tuzilgan jamiyatning aksiyalarini boshqa qimmatli qog’ozlarni joylashtirishga hamda ularning muamalasiga doir bitimlar sudning qaroriga ko’ra haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Bitimning predmeti bo’lgan jamiyat aksiyalari va boshqa qimmatli qog’ozlari ularni joylashtirish muddati o’tganidan keyin bitim haqiqiy emas deb topilgan bo’lsa bekor joylashtirish muddati o’tgandan keyin bitim haqiqiy emas deb topilgan bo’lsa bekor qilinishi kerak, agar ushbu bitim qimmatli qog’ozlar joylashtirilayotganda tuzilgan bo’lsa.

 QONUNDA BOSHQA INSOFLI XARIDOR UCHUN QANDAY HUQUQLAR NAZARDA TUTILGAN?

Qonunda boshqa qonun hujjatlarida (O’zR Fuqarolik kodeksi, “Qimmatli qog’ozlar bozori to’g’risida”gi O’zR Qonuni va h.k.) nazarda tutilganidan tashqari, Qonunning yangi tahririda ham tegishli me’yor belgilangan: jamiyatning aksiyalarini va boshqa qimmatli qog’ozlarini insofli egallovchi jamiyat aksiyalarini va boshqa qimmatli qog’ozlarini joylashtirish hamda ularning muomalasi bo’yicha bitimlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi natijasida yetkazilgan zararning o’rnini qoplashni aybdor shaxslardan talab qilishga haqli.

 AJ YANGI AKSIYALARNI CHIQARMOQCHI BO’LSA, JOYLASHTIRISH NARXI QANDAY BELGILANADI?

Mazkur masalaning amaliy ahamiyatidan kelib chiqib, Qonunning yangi tahririda unga alohida e’tibor berilgan:

  •   birinchidan, aksiyalarni narxini kim belgilashi mumkinligi ko’rsatilgan-bu aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi yoki kuzatuv kengashidir (agar umumiy yig’ilish unga bunday vakolatni bergan bo’lsa);
  •   ikkinchidan, qimmatli qog’ozlar birja bozoriga va uyushgan birjadan tashqari bozoriga chiqarilganda, aksiyalarning ushbu savdolarda joylashtirish narxi belgilanadi;
  •   uchinchidan, bu narx qimmatli qog’ozlar savdosi tashkilotchilarining savdo maydonchalarida vujudga kelayotgan narxlar konyukturasidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
  •   to’rtinchidan, jamiyatning qo’shimcha aksiyalarini joylashtirish chog’ida ularga haq to’lash ularni chiqarish to’g’risidagi qarorda belgilanganidan kam bo’lmagan narx bo’yicha amalga oshiriladi;
  •   beshinchidan, agar qo’shimcha aksiyalar jamiyatning o’z kapitali hisobidan chiqarilgan bo’lsa, shuningdek dividendlar hisobidan haq to’langan taqdirda, bunday aksiyalarni joylashtirilishi aksiyalarining nominal qiymati bo’yicha amalga oshiriladi;
  •    oltinchidan, yuqorida ko’rsatilgan shartlar aksiyalarni aksiyadorlar o’rtasida joylashtirishga ham taaluqli.

Bunda, AJni ta’sis etishda uning aksiyalari haqini to’lash aksiyalarning nominal qiymati bo’yicha amalga oshiriladi, degan me’yor saqlanadi.

QAYSI HUJJAT AJ USTAV KAPITALINI OSHIRISH HAQIDAGI QAROR BO’LISHI MUMKIN?

Yangi tahrirdagi Qonunning 18-moddasiga muvofiq jamiyatning tegishli boshqaruv organi tomonidan qabul qilingan qo’shimcha aksiyalarni chiqarish to’g’risidagi yoki aksiyaning nominal qiymatini oshirish haqidagi qaror jamiyatning usatv fondini (ustav kapitalini) ko’paytirish to’g’risidagi qarordir.

AGAR AKSIYADOR QO’SHIMCHA AKSIYALARNI CHIQARISHGA QARSHI OVOZ BERGAN BO’LSA, U AKSIYALARNI IMTIYOZLI SOTIB OLISH HUQUQIGA EGA BO’LADIMI?

Agar AJ ustavida aksiyadorlar uchun bunday imtiyozli huquq belgilab qo’yilgan bo’lsa hamda chiqarilgan aksiyalarni pul bilan haq to’lansa, Qonunga ko’ra, aksiyador, (hattoki agar u umumiy yig’ilishda qarshi ovoz berhgan yoxud unda ishtirok etmagan bo’lsa ham) aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qog’ozlarni o’ziga tegishli shu turdagi aksiyalar miqdoriga mutanosib miqdorda imtiyozli olish huquqiga ega.

Shuni ham aytish kerakki, Qonunda jiddiy aniqlik ham kiritilgan, ya’ni imtiyozli huquq amalga oshirilgan taqdirda, aksiyadorlar aksiyalarning faqat butun miqdorini olishi mumkin.

 AJ AKSIYADORLARGA ULARDA QO’SHIMCHA AKSIYALARNI IMTIYOZLI SOTIB OLISH HUQUQI YUZAGA KELGANI HAQIDA XABAR BERISHI KERAKMI?

Qonunning oldingi tahriri kabi, yangi tahrirdagi Qonun ham aksiyadorlarni ularda qo’shimcha aksiyalarni imtiyozli sotib olish huquqi yuzaga kelgani haqida xabar berish majburiyatini AJga yuklaydi. Ammo yangi tahrirdagi Qonunda bunday xabarni qisqaroq muddatlarda-aksiyalarning chiqarilishi davlat ro’yhatidan o’tkazilgan sanadan e’tiboran o’n kun ichida berishi kerak.

Shuningdek, Qonunda bunday xabar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish orqali berilishi belgilab qo’yilgan.

Qonunda bunday xabar berishga talablar ham batafsil ko’rsatilgan-endi AJ-aksiyalarni o’z aksiyadorlariga ularda mavjud bo’lgan aksiyalar soniga mutanosib ravishda teng shartlarda, qimmatli qog’ozlarni chiqarish to’g’risida qaror qabul qilgan jamiyatning boshqaruv organi tomonidan belgilangan joylashtirish narxi bo’yicha olishni taklif etish shart.

QO’SHIMCHA AKSIYALARNI IMTIYOZLI SOTIB OLISH HUQUQI QANCHA PAYT AMALDA BO’LADI?

Oldingi tahrirdan farq qilib, yangi tahrirdagi Qonunda bunday muddat aniq ko’rsatilgan:

  •    imtiyozli huquqdan foydalanish muddati aksiyalar sotuvga qo’yilgan paytdan e’tiboran o’n kundan kam va o’ttiz kundan ko’p bo’lishi mumkin emas;
  •    imtiyozli huquqning amal qilish muddati, agar bu muddat o’tgunga qadar jamiyatning barcha aksiyadorlaridan imtiyozli huquqdan foydalanish to’g’risida yoki undan foydalanishdan voz kechish haqida yozma ravishda arizalar olingan bo’lsa, tugaydi;
  •    jamiyat imtiyozli huquqning amal qilish muddati tugagunga qadar aksiyalarni ularni olish bo’yicha imtiozli huquqqa ega bo’lmagan shaxslarga joylashtirishga haqli emas;
  •    imtiyozli huquqning amal qilish muddati tugaganidan keyin qolgan aksiyalar ularni chiqarish to’g’risidagi qarorda belgilangan tartibda jamiyat tomonidan realizatsiya qilinadi.

AJNING QAYSI BOSHQARUV ORGANI JAMIYAT TOMONIDAN AKSIYALARNI QAYTARIB SOTIB OLISH HAQIDA QAROR QABUL QILISH HUQUQIGA EGA?

Qonunning yangi tahririga ko’ra, AJning qaysi organi aksiyalarni qaytarib sotib olish haqida qaror qabul qilishi haqidagi masala AJ by aksiyalarni qaysi maqsadda qaytarib sotib olayotganiga qarab hal etiladi:

agar aksiyalar ustav kapitalini kamaytirish uchun qaytarib sotib olinayotgan bo’lsa-qaror umumiy yig’ilish tomonidan qabul qilinadi (ustav kapitalini kamaytirish haqida qaror ko’rinishida);

  agar aksiyalar ularni keyinchalik sotib yuborish uchun qaytarib sotib olinayotgan bo’lsa-bunday qarorni kuzatuv kengashi qabul qiladi.

Bunda, aksiyalarni qaytarib sotib olish uchun ham yangi muddat belgilangan-ilgari aksiyalarni kamida 30 kun ichida sotib olish mumkin edi, endi esa bu muddat iptimallashtirildi va kamida 10 kunni tashkil qiladi.

 AJ QANDAY MUDDATLARDA AKSIYADORLARNI AKSIYALARNI QAYTARIB SOTIB OLISH HAQIDA XABARLASHI LOZIM?

Qonunda belgilangan yangi qoidalarga muvofiq, aksiyalar olinadigan muddat boshlanishiga kechi bilan o’n kun qolganda jamiyat muayyan turdagi aksiyalarning egalari bo’lgan aksiyadorlarni jamiyat tomonidan aksiyalar olinishi to’g’risida xabardor etishi shart.

Bunday xabarlash ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish va o’z rasmiy veb-saytida joylashtirish orqali amalga oshiriladi.

 QANDAY HOLLARDA AKSIYADOR AJdan UNDAN AKSIYALARNI QAYTARIB SOTIB OLISHNI TALAB QILISHI MUMKIN?

Aksiyadorning AJdan uning aksiyalarini qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi Qonunning yangi tahririda saqlab qolingan. Bunda, aksiyadorda bunday huquq yuzaga keladigan holatlar ro’yhati kengaytirildi – u jamiyat joylashtirgan aksiyalarni yiriklashtirish haqida qaror qabul qilgan hol bilan to’ldirildi.

Tegishincha, aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi tomonidan qarorlar qabul qilishda, agar aksiyador qarshi ovoz bergan bo’lsa yohud ovoz berishda uzrli sabablarga ko’ra ishtirok etmagan bo’lsa, o’ziga tegishli aksiyalarning hammasi yoki bir qismi jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilishga haqlidir.

ILGARI AJ QONUNDAGI CHEKLOVLARGA ASOSLANIB AKSIYALARNI QAYTARIB SOTIB OLISHNI RAD ETISHI MUMKIN EDI. QONUN (YANGI TAHRIRDA) QABUL QILINGANDAN KEYIN VAZIYAT QANDAY O’ZGARDI?

Bu yerda qaytarib sotib olinayotgan aksiyalarning jami qiymatiga qo’yilayotgan cheklovlar nazarda tutilmoqda – oldingi tahrirda qaytarib sotib olinayotgan aksiyalarning umumiy summasi jamiyat sof aktivlari qiymatining o’n foizidan oshib ketishi mumkin emasligi haqida me’yor bor edi. Bunday cheklov, agar AJ o’zgartirilayotgan, aksiyadorlar esa aksiyalarni qaytarib sotib olinishini talab qilayotgan bo’lsa, aksiyalarni qaytarib sotib olishni ancha qiyinlashtirardi.

Bu me’yor Qonunning yangi tahririda bitta juda muhim istisno bilan saqlab qolindi – endi cheklov, masalan, MCHJda ishtirokchilar soni 50dan ortmasligi hisobga olinib, AJ o’zgartirilishi hollariga qo’llanilmaydi.

AJ REESTRINI SHAKLLANTIRISH HAQIDA TOPSHIRIQNI KIM BERISHI MUMKIN?

Qonunning yangi tahririda nazarda tutilishicha, AJ aksiyadorlarining reestrini shakllantirish Qimmatli qog’ozlarning markaziy depozitariysi tomonidan:

  • Ajning topshirig’iga ko’ra;
  • Qimmatli qog’ozlar bozorini tartibga soluvchi organning topshirig’iga ko’ra;
  • Mazkur Qonunda nazarda tutilgan hollarda aksiyadorlarning yozma murojaati asosida amalga oshiriladi.

Oldingi tahrirdagi Qonun aksiyadorlarga, yig’ilishni mustaqil chaqirish imkonini bersa-da, ularning reestrni shakllantirish uchun mustaqil murojaat qilishga yo’l qo’ymagan, amaliyotda ularda reestrni shakllantirish bo’yicha vakolatlar bo’lmagani bois, yig’ilishni chaqirish ular ucun ancha qiyin edi.

 

AJ AKSIYADORLARINING REESTRINI SHAKLLANTIRISH TARTIBINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK BO’YICHA QANDAY YANGILIKLAR NAZARDA TUTILGAN?

Qonunda jamiyat aksiyadorlarining reestrini shakllantirish tartibini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan – aksiyadorga yetkazilgan zararning o’rni qoplanishi shart (Qonunning yangi tahririda rus tilida “zarar” so’ziga aniqlik kiritildi, davlat tilida esa o’zgarishsiz qoldi).

DIVIDENDGA BERILGAN TA’RIFDA O’ZGARISHLAR BORMI?

Yangi tahrirdagi Qonunda dividendga qisqacharoq ta’rif berilgan:

“Dividend jamiyat sof foydasining aksiyadorlar o’rtasida taqsimlanadigan qismidir”.

Dividendlarni to’lash shakllari ham o’zgardi – endi ular qimmatli qog’ozlar bilan ham to’lanishi mumkin (jamiyatning imtiyozli aksiyalari bo’yicha dividendlardan tashqari, ularni qimmatli qog’ozlar bilan to’lashga yo’l qo’yilmaydi).

Jamiyatning moliyaviy yilning birinchi choragi, yarim yilligi va to’qqiz oyi natijalariga ko’ra oraliq dividendlarni to’lash to’g’risidagi qarori tegishli davr tugagandan keyin uch oy ichida qabul qilinishi mumkin (ilgari bu muddat 2 oyga teng edi).

Dividendlar to’lash haqida qaror qabul qilish uchun endi qo’shimcha tarzda ishonchliligi auditor tomonidan tasdiqlangan moliyaviy hisobot ma’lumotlari ham xizmat qilishi kerak.

 QANDAY HOLLARDA AJ DIVIDENDLARNI TO’LASH HUQUQIGA EGA EMAS?

Oldingi tahrirdagidek, Qonunda AJga dividendlarni to’lashga doir cheklovlar sanab o’tilgan. Ular o’zgargani yo’q, faqat bu cheklovlar dividendlarni to’lash haqida qaror qabul qilishga ham tadbiq etilishi belgilangan.

Muhim o’zgarish – bu holatlar (cheklovlar) tugatilgandan keyin AJ aksiyadorlarga hisoblangan dividendlarni to’lashi shart.

AJ AKSIYADORLARNI DIVIDENDLAR TO’LANISHI HAQIDA QANDAY TARZDA XABARDOR QILISHI KERAK?

Yangi tahrirda Qonunga muvofiq jamiyat to’lanadigan dividendlar miqdori to’grisidagi ma’lumotlarni qimmatli qog’ozlar bozorini tartibga solish bo’yicha vakolatli davlat organining va jamiyatning rasmiy veb-saytlarida qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda e’lon qiladi.

 NOREZIDENT AKSIYADORGA HISOBLANGAN DIVIDENDLARNI ERKIN AYIRBOSHLANADIGAN VALYUTAGA AYIRBOSHLASH HAQIDAGI ME’YORLAR YANGILANADIMI?

Norezident aksiyadorga tegishli dividendlarni erkin ayirboshlanadigan valyutaga ayirboshlash haqidagi Qonun me’yorlari tushunarliroq tarzda bayon etildi. Chunonchi, yangi tahrirdagi Qonunda aniqlashtirilishicha, norezident aksiyador AJga dividendlarni erkin ayirboshlanadigan valyutaga ayirboshlash haqida yozma murojaat etadi, AJ esa unga hisoblangan dividendlarni erkin ayirboshlanadigan valyutaga ayirboshlashi va mablag’larni norezident aksiyador taqdim etgan bank hisobvarag’iga o’tkazib berishi shart.

Jamiyat aksiyadorlarining reestridan olingan, jamiyat tomonidan tasdiqlangan ko’chirma hamda jamiyat buxgalteriyasining hisoblangan dividendlar summasi va ular hisoblangan sana to’g’risidagi ma’lumotnomasi ayirboshlash uchun asos bo’lib xizmat qiladi.

Qonunning oldingi tahririda bunday ayirboshlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilab qo’yilgan edi.

 AKSIYADORGA TEGISHLI SUMMALARNI CHET EL VALYUTASIGA AYIRBOSHLASH HAQIDA YANA QANDAY ME’YORLAR QONUNNING YANGI TAHRIRIDA NAZARDA TUTILGAN?

Dividendlarni erkin ayirboshlanadigan valyutaga ayirboshlashdan tashqari, Qonunda bunday ayirboshlash tugatilayotgan AJ mol-mulkini taqsimlash uchun tilga olingan.

Xususan, Qonunning 100-moddasida belgilanganidek, mol-mulkni tugatish qiymatining chet ellik investor bo’lgan aksiyadorga o’tkaziladigan qismini jamiyat xorijiy valyutaga ayirboshlab berishi shart.

 

 

  • 
O'zbekiston Davlat Portal
  • O'zbekiston Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysida
  • International Organization of Securities Commissions
  • Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali
  • O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
  • 
RFB Toshkent style=
  • Davlat Raqobat qo'mitasi
  • O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning virtual qabulxonasi
  • Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo'yicha davlat inspeksiyasi
  • 
Milliy qonunchilik bazasi
  • O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki
  • strateg
Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech